Eshiklarni toʻgʻri tanlaymiz: dizaynerdan qoʻllanma
Xonalararo eshiklarni xarid qilishdan oldin sanab oʻtilgan parametrlarni aniqlab oling va sizda muammo boʻlmaydi.
Birinchisi: eshik polotnosi – yaxlit yoki qoʻshimchali.
Albatta, juda koʻp narsa makonning tanlangan uslubiga bogʻliq. Agar sizda klassik interyer boʻlsa, tabiiyki, eshiklar boshqa bezaklar bilan uygʻun tarzda – filyonkalar, naqshinkor bezaklar, vitrajlar bilan bezatiladi. Bunday eshiklar oʻz-oʻzidan sanʼat asari kabidir, shuning uchun – faqat mutaxassislarga buyurtma beramiz, arzon narxga uchmaymiz (bunday eshik polotnolari arzon turishi mumkin emas).
Minimalistik, zamonaviy interyerlar uchun koʻpincha bezaksiz, ammo qiziqarli fakturaga ega yaxlit eshik polotnolari tanlanadi. Ayniqsa, yashirin montaj qilinadigan eshiklar juda dolzarb (ular haqida quyiroqda). Taʼkidlash joizki, bunday konstruksiyada ovoz izolyatsiyasi yaxshiroq boʻladi.
Ikkinchisi: bir tabaqali yoki ikki tabaqali
Birinchisi haqida, oʻylaymanki, hammasi tushunarli. Ikkinchisi haqida – bu katta xonaning kirish qismi uchun ajoyib tanlov (bunday kirish qismi qanchalik hashamatli va tantanali koʻrinishini tasavvur qiling).
Koʻpincha bunday eshiklar shisha yoki vitrajli qoʻshimchalar bilan tayyorlanadi – shu tariqa konstruksiya koʻproq yorugʻlik oʻtkazadi va ancha yengil, havodor koʻrinadi.
Uchinchisi: rang tanlaymiz
Rang boʻyicha oq eshiklar mashhurlik choʻqqisida. Deyarli barcha eshik fabrikalari assortimentida oq rangli modellar mavjud, shuning uchun siz oʻz interyeringizga mos modelni albatta topasiz. Yana eʼtiborlisi, bunday eshiklar klassik interyerlarga ham, minimalistik studiyalarga ham mos keladi.
Yana bir urfdagi variant – yorqin rangli eshiklar.
Bunday variantlar yordamida xonaning meʼmoriy kamchiliklarini toʻgʻrilash, uni vizual ravishda kengroq koʻrsatish yoki yorqin aksent qoʻshib, jonga tekkan muhitni tezda oʻzgartirish mumkin.
Toʻrtinchisi: material haqida
Albatta, yogʻoch doimo mashhurlik choʻqqisida qoladi va eshik kompozitsiyalarini yaratish uchun har doim eng orzu qilingan materiallardan biri boʻlib qolaveradi. Shpon va MDF kabi boshqa variantlar ham koʻplab interyerlarda talabgir boʻlib qolmoqda. Shuni aytish joizki, koʻplab makonlarda shisha eshiklar juda jozibador va uygʻun koʻrinadi. Yaqindagina paydo boʻlgan va 2020-yil trendiga aylangan yana bir variant – keramo-granit polotnolaridir. Bunday «tosh» eshiklar uslub jihatidan hamma interyerga ham toʻgʻri kelavermaydi, ammo juda taassurotli koʻrinadi.
Beshinchisi: konstruksiya
Oʻz funksionalligiga koʻra barcha xonalararo eshiklarni ochiladigan va suriladigan turlarga ajratish mumkin.
Ochiladigan eshiklarni ham ikki turda xarid qilishingiz mumkin: yashirin montajli va romli (nalichnikli) eshiklar. Ikkinchisi anʼanaviyroq, barchaga maʼlum. Bunday eshiklar toza pardozlash ishlaridan keyin oʻrnatiladi.
Yashirin montaj eshiklarida koʻrinib turuvchi quti, romlar va oshiq-moshiklar boʻlmaydi (bularning barchasi yashiringan). Bunday konstruksiyalarni taʼmirlashning dastlabki bosqichlarida oʻrnatish zarur. Eshik yetkazib beruvchini va modellarini oldindan tanlash juda muhim, shunda barcha oʻlchamlarni aniq bilib, oʻrnini tayyorlash mumkin boʻladi.
Eng muhimi, bunday eshiklarda romlar boʻlmaganligi sababli, ularning shakli deyarli har qanday boʻlishi mumkin – 3 metr balandlikdan tortib, zinalar ostidagi eshiklar uchun qiya past konstruksiyalargacha.
Yashirin montaj eshik polotnolari zavod bezaklari bilan ham, joyida bezatiladigan ham boʻlishi mumkin (eshik deyarli koʻrinmas holga kelishi uchun u devor bilan bir xil rangga boʻyaladi, gulqogʻoz yopishtiriladi, moldinglar bilan bezatiladi va h.k.)
Vaʼda qilganimdek, sizga shahrimizdagi mening jamoam odatda birga ishlaydigan eshik salonlari roʻyxatini taqdim etaman:
"Gorod masterov" «Stalnaya liniya» InDoors "Noviy gorod" Doors "Gipprofi"
Mana, aslida eshik konstruksiyalarini xarid qilishdan oldin dizayner bilan birgalikda yoki mustaqil hal qilishingiz kerak boʻlgan asosiy besh jihat.


